Domen nima?

Domen – bu sayt nomi, masalan www.saytim.uz

Siz qaysidir saytga kirayotganingizda sayt nomini ya’ni domenni yozasiz. Natijada shu domen sayt joylashgan hosting va baza bilan bog‘lanadi.
Domen – bu cheksiz internet ummonidagi serverlardan birida joylashgan qaysidir saytga olib boradigan manzil hisoblanadi. Aslida Siz hosting xizmatidan foydalanib, saytingizni qaysidir serverga joylashtirganingizda, saytingiz manzili (server nuqta’i nazaridan) qandaydir IP manzilga teng bo‘ladi. Masalan, 192.168.162.134 Bunday IP manzilni eslab qolish qiyin.
Agar domen bo‘lmaganida saytingizga tashrif buyurish uchun foydalanuvchilar saytingiz IP manzilini eslab qolishlari va brauzerlariga 192.168.162.134 deb yozish orqali saytingizga kirishlari kerak bo‘lar edi. Domen afzalligi shundaki, u tushunarsiz va eslab qolish qiyin bo‘lgan IP manzillarni odamlarga tushunarli, eslab qolish oson bo‘lgan chiroyli sayt nomlari aylantiradi. Shuning uchun ham domen sotib olganingizda eng avvalo bu domenni hostingingiz IP manziliga ulab qo‘yasiz. Shunda domen nomi saytingiz IP manzilining tarjimasi bo‘lib qoladi. Har safar foydalanuvchilar o‘z brauzerlarida domen nomingizni yozishsa, bu domen hostingingiz serverining IP manzilini chaqiradi va foydalanuvchiga saytingiz ko‘rsatiladi!
Misol uchun, qalam.uz sayti hostingining sayt joylashgan qismi uchun IP manzili 192.168.111.222 deb hisoblaylik. Bu saytga kirish uchun foydalanuvchilarning bu IP manzilni yozishlari ularga qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Bu o‘rinda foydalanuvchilar uchun eslab qolish oson va tushunarli bo‘lgan domen tanlanadi. Sayt esa quyidagi tartibda ularga yetkaziladi:
Qalam.uz -> 192.168.111.222 -> SAYT
Domen ismlarda “domen hududi” degan tushuncha mavjud. Bu hududlar saytlarning u yoki bu turga ta’luqli ekanligini ko‘rsatib turadi. Hozirgi kunda eng mashxur domen ism hududlariga .com (kommersiya-tijorat saytlari), .net (internet), .info (informatsiya-ma’lumot saytlari), .yedu (education-ta’lim sohasiga oid saytlar), .org (organisation-tashkilot saytlari), .gov (government-hukumat saytlari) va boshqa davlat kodi yuqori bosqichli domenlar (country code top-level domains – ccTLD) kiradi.
ccTLD domenlari qaysidir davlat nomi qisqarmasiga asoslangan domen hududlariga bo‘linadi. Masalan, O‘zbekiston uchun .uz domenlari, Rossiya uchun .ru domenlari, Fransiya uchun .fr domenlari va hokazo. Har bir domen hududini o‘ziga tegishli bo‘lgan davlat boshqaradi. Misol uchun, .uz domenlariga O‘zbekistondan boshqa hech qaysi davlat ro‘yxatdan o‘tkazish huquqiga ega bo‘la olmaydi.
Domen ismlar domen registratorlari orqali amalga oshiriladi. Har bir domen nomi faqat bir marta ro‘yxatga olinishi mumkin va uning nusxalari bo‘lishi mumkin emas. Masalan, siz korzonangiz sayti uchun esavdo.uz deb nom tanladingiz, Bu domenni sotib olganingizdan keyin (kelishilgan muddat davomida) boshqa hech kim bu nomga egalik qilolmaydi.
U yoki bu domenning bandligi yoki ro‘yxatga olinish uchun bo‘shligini tekshirish domen registratorlarining whois so‘rovi yordamida tekshirilishi mumkin. O‘zbekiston domen registratorlari boshlig‘i ccTLD.uz hisoblanadi. Bu saytga www.cctld.uz yoki oddiygina www.whois.uz domeni orqali kirish mumkin. ccTLD.uz saytiga tashrif buyurib Siz O‘zbekiston domen registratorlari haqida ma’lumot olishingiz va saytning chap tomon menyudan pastki qismida joylashgan kichik forma orqali qaysidir domenning bo‘shligi yoki bandligini tekshirishingiz mumkin.
Domen nomi ro‘yxatga olingandan so‘ng Siz uning sozlanmalarini saytingiz joylashgan hosting IP manziliga (ular “nameserver” deb yuritiladi) mos ravishda tahrirlashingiz kerak bo‘ladi. Shundan so‘ng 24 soat ichida domeningiz ko‘rsatilgan nameserver’da joylashgan saytingizga olib borishni boshlaydi.

Ko'rishlar soni: 273